O‘zbekistonda ikkinchi marta Al-Xorazmiy nomidagi yosh matematiklar xalqaro olimpiadasi bo‘lib o‘tadi

Mazkur xalqaro olimpiada 14-15 yoshli o‘quvchilar o‘rtasida 2024-yil 26-31-may kunlari Toshkent shahridagi Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabda tashkil etiladi.
Ushbu olimpiadada matematika fanidan 7-8-sinf o‘quvchilari o‘rtasida tashkil etilgan Al-Xorazmiy nomidagi aniq fanlar olimpiadasining hududiy bosqichida 1-2-3-o‘rinlarni egallagan o‘quvchilar ishtirok etishi belgilangan. 
Bundan tashqari, yosh matematiklar xalqaro  olimpiadasida qo‘shni mamlakatlar Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston, Qirg‘iziston hamda Ozarbayjon terma jamoalarining ham ishtirok etishi kutilmoqda.  
Xalqaro olimpiadada ishtirokchilarga 2 kun davomida yozma ish uchun 4 tadan masala berilib, har bir masala 10 ball bilan baholanadi. Masalalarni yechish uchun ishtirokchilarga har kuni 4 soatdan vaqt beriladi. Jami ikki tur uchun maksimal ball 80 ballni tashkil qiladi.
Xalqaro olimpiada yakunida g‘oliblar aniqlanadi va olimpiada g‘oliblariga oltin, kumush, bronza medallari hamda tegishli diplomlar topshiriladi.
Xalqaro olimpiadaning yakuniy natijalariga ko‘ra, 2008-yil 27-dekabr va undan keyin tug‘ilgan o‘zbekistonlik ishtirokchilar orasidan eng yaxshi natija ko‘rsatgan 6 nafar o‘quvchilar xalqaro 28-O‘smirlar o‘rtasida Bolqon matematika olimpiadasida ishtirok etadigan O‘zbekiston terma jamoasi tarkibiga kiritiladi. Mazkur xalqaro olimpiada  joriy yilning 25-30-iyun kunlari Turkiyaning Antalya shahrida bo‘lib o‘tadi.


Foydali Havolalar