“Yangi O‘zbekiston” universitetiga 2024/2025 o‘quv yili uchun o‘qishga hujjatlar qabuli joriy yilning yanvar oyidan boshlanib, iyul oyiga qadar davom etishi belgilandi
“Yangi O‘zbekiston” universitetiga 2024/2025 o‘quv yili uchun o‘qishga hujjatlar qabuli joriy yilning yanvar oyidan boshlanib, iyul oyiga qadar davom etishi belgilandi.
Bu haqda AOKAda Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi, "Yangi O‘zbekiston" universiteti rahbariyati ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lumot berildi:
Qabul shartlariga ko‘ra o‘qishga ariza topshiruvchi talabgorlardan ingliz tilini eng kamida B2 darajada bilishni tasdiqlovchi sertifikatga ega bo‘lishi talab etiladi. Bunda talabgorlar IELTS 5.5, CEFR B2 va TOEFL iBT 46 kabi minimum natijalarga ega bo‘lishi kerak.
Ingliz tilini bilish darajasini tasdiqlovchi sertifikati bo‘lmagan abituriyentlarning ham arizalari qabul qilinadi. Ammo ular 26-avgustga qadar talab etilgan minimum darajaga ega ekanliklarini tasdiqlovchi sertifikatni qabul bo‘limiga taqdim etishlari kerak bo‘ladi.
Akademik litsey, kollej va maktablarning oxirgi sinf o‘quvchilari ham hozirdan o‘qishga ariza topshirishlari mumkin va ulardan 26-avgustga qadar bitiruv attestatini qabul bo‘limiga topshirishlari talab etiladi.
O‘qishga arizalar Kimyo va materialshunoslik muhandisligi, Mexanika muhandisligi, Dasturiy ta’minot muhandisligi, Kiberxavfsizlik, Sun’iy intellekt va robototexnika, Amaliy matematika, Iqtisodiyot va ma’lumotlar tahlili, Pedagogika va Sanoat boshqaruvi kabi 9 ta ta’lim yo‘nalishining bakalavriat bosqichiga qabul qilinadi.
Universitetda qabul imtihonlarida yuqori natija qayd etgan talabgorlarga turli miqdordagi bir yillik grantlar ajratiladi.