Bitiruvchilarga shahodatnomalar elektron shaklda har yili 20 iyunga qadar beriladi
Joriy o‘quv yilidan maktabning 9- va 11-sinfini tugatgan bitiruvchilarga shahodatnomalar elektron shaklda beriladi:
Bu esa ta’lim sohasidagi qog‘ozbozlik, ortiqcha xarajat va ovoragarchiliklarni oldini olishga qaratilgan navbatdagi qadam desak bo‘ladi.
Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tayanch o‘rta ta’lim, umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi shahodatnoma, psixik rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktabni tamomlaganlik to‘g‘risidagi sertifikatlar elektron tarzda o‘zbek va ingliz tillarida shakllantiriladi.
Mazkur tartib o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi shahodatnomaga ega bitiruvchilarning yurtimizdagi hamda xalqaro bitim imzolagan davlatlar hududidagi kollej, texnikum va oliy ta’lim tashkilotlariga kirish uchun hujjatlarni topshirish huquqini beradi. Elektron shahodatnomani olishda va OTMga topshirishda ortiqcha ovoragarchiliklarning yo‘qligi esa o‘z navbatida bitiruvchilar va ularning ota-onalariga ham qulaylik yaratadi.
Elektron shahodatnomalar bitiruvchilarga har yili 20 iyunga qadar beriladi. Buning uchun bitiruvchilar shahodatnomani elektron platformadan shaxsini tasdiqlovchi hujjatidagi tegishli ma’lumotlarni kiritish orqali bepul yuklab olishi mumkin bo‘ladi.
Eng ahamiyatlisi, shahodatnomalar yo‘qolgan yoki yaroqsiz holga kelgan taqdirda, bitiruvchilarga dublikat shahodatnoma berilmaydi. Bitiruvchilar shahodatnomani elektron platformadan o‘zi istagan vaqtda bepul qayta yuklab olishi mumkin bo‘ladi.